O‘zbekiston va Eron qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
22 Sentabr, 2026O‘zbekiston va Eron qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Toshkent shahrida O‘zbekiston–Eron qishloq xo‘jaligi biznes-forumi doirasida ikki davlat ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari Sherzod Ibragimov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirish hamda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, uzoq muddatli hamkorlik dasturini ishlab chiqish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Eron Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida ishchi guruh yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Eron Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi va konchilik palatasi o‘rtasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.